Qorong'i rejim
Image
  • сешанба, 16 апрел 2024
O‘zbekistonda «ijtimoiy karta» joriy qilinadi

O‘zbekistonda «ijtimoiy karta» joriy qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqilishini ma’lum qildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish maqsadida:

  • ehtiyojmand toifani belgilash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va aynan qanday yordamga muhtojlik borligi aniq belgilab beriladi;
  • har bir muhtoj fuqaro bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi.
  • Mahalladagi «yettilik» uchun ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha yagona savolnoma joriy qilinadi.

Mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi.

1 oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni «ijtimoiy karta» orqali moliyalashtirishni joriy etiladi.

Bunda, eng avvalo, «Saxovat va ko‘mak», «Ayollar», «Yoshlar» daftarlari jamg‘armalari, keyinchalik bosqichma-bosqich 74 turdagi ijtimoiy nafaqa va yordamlar o‘tkaziladi.

Ushbu karta orqali transport va kommunal sohalardagi imtiyozlardan ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbari hokimlar va sektor rahbarlari mahallada o‘tkazayotgan qabullar ham o‘zgarishi kerakligi, qabullarda mahalla «yettiligi» ko‘targan eng og‘ir masalalarning yechimi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish topshirildi.

Protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi belgilandi.

Mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda «Muruvvat» uylari va Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida ijtimoiy xizmatlarni mobil va kunduzgi qatnov shaklida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi bor shaxslarga qaraydiganlarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi.

Bu orqali, yana 60 ming ehtiyojmand aholi ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi, ularga qarayotgan 3 ming kishi o‘qitiladi.

Hozirda nafaqa olayotgan, lekin mehnat qilib, daromad olish istagida bo‘lgan 660 ming aholi uchun zarur sharoitlar yaratilishi ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston 2021 yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani tarixiy voqea bo‘ldi va undagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo‘lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.

Izoh / Kimdan javob berish